Magdeburgdagi rojdestvo yarmarkasida avtomobil olomon orasiga kirib ketdi

O‘zbekiston

Germaniyaning markaziy qismidagi Magdeburgda avtomobil shahar mahkamasi yaqinidagi olomonga kirib ketdi. Hodisa oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq kishi turli darajada jarohat oldi.

20-dekabr kuni qora BMW Magdeburgdagi Rojdestvo yarmarkasida olomon orasiga kirib keldi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 200 dan ortiq kishi jarohat olgan, ulardan 40 nafari og‘ir ahvolda. Dastlab ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilingan edi. Shanba kuni ertalabga kelib ularning soni beshtaga yetdi, ular orasida bola ham bor.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv ataylab sodir etilgan, rulda Saudiya Arabistoni fuqarosi o‘tirgan. U darhol qo‘lga olindi, uning harakatga undagan sabablari noma’lum.

Gumonlanuvchi — qo‘shni shaharda ishlagan 50 yoshli shifokor-psixiatr Taleb al-Abdulmuhsen. U Germaniyaga 2006-yilda psixoterapevt malakasini olish uchun taklif qilingan shifokor sifatida kelgan, keyin esa islomdan voz kechganligi uchun o‘lim bilan tahdid qilingani sababli boshpana so‘ragan. Erkak siyosiy qochqin maqomiga ega, deb yozadi Frankfurter Rundschau gazetasi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Magdeburgdagi fojia oqibatida qurbon bo‘lganlar va jabrlanganlar munosabati bilan Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga hamdardlik bildirdi.

“Davlatimiz rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chin dildan hamdardlik bildirib, jarohat olganlar tez orada shifo topishini tiladi”, — deyiladi xabarda.

Saksoniya-Anhalt bosh vaziri Rayner Xazeloff voqeani “Magdeburg shahri va butun mamlakat uchun fojia” deb baholadi.

Germaniya kansleri Olaf Shols Magdeburg aholisi bilan “butun Germaniya birdamligini” e’lon qildi va favqulodda xizmatlar xodimlariga minnatdorchilik bildirdi.

“Albatta, hozir biz jinoyatchini, uning harakatlari va sabablarini aniq tushunishimiz kerak, shunda biz zarur jinoiy choralar bilan javob berishimiz mumkin”, — deya Sholsdan iqtibos keltiradi DW. Uning eslatishicha, hujum 2016-yil 19-dekabrda Berlindagi Braytshaydplats maydonidagi Rojdestvo bozoridagi teraktning "deyarli bir yilligi”da sodir bo‘lgan.

“Biz mamlakat sifatida birga bo‘lishimiz kerak, — dedi Germaniya kansleri. — Bir-birimizga bo‘lgan munosabatimiz nafrat bilan belgilanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Biz umumiy kelajakka intiladigan jamiyatmiz. Nafrat urug‘ini sochmoqchi bo‘lganlarga yo‘l bermaslik kerak. Lekin biz jinoyatchilarni jazosiz qoldirmasligimiz kerak. Birligimiz va umumiy kelajagimizni himoya qilish uchun qonunning butun qat’iyligi bilan harakat qilishimiz zarur”.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.