O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi tashkilotlar elektron reyestrga kiritiladi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali.
Hujjat boshqaruv kompaniyalarining elektron reyestrini yaratish va yuritish, shuningdek, unga qo‘shilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Reyestrga kiritish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ariza berish lozim. Bunda xizmat 24/7 rejimida taqdim etiladi. Uning narxi BHMning 50 foizini tashkil etadi — 187,5 ming so‘m. YIDXP orqali murojaat qilinganda 10% chegirma taqdim etiladi, bunda xizmatning narxi 168,8 so‘mni tashkil etadi.
Ariza berishda kompaniya pasporti nusxasi, uning xodimlari va moddiy-texnik bazasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, tasdiqlangan shtat jadvali va malaka sertifikatlari taqdim etilishi kerak.
Ariza va ilova qilinayotgan hujjatlardagi noto‘g‘ri ma’lumotlar, shuningdek belgilangan bojning to‘lanmaganligi davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘ladi.