2024-yilda AQSH O‘zbekistonga 572 nafar migrantni deportatsiya qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan olti baravar ko‘pdir. Bunday ma’lumotlar AQSH Migratsiya va bojxona xizmati (ICE) hisobotida keltirilgan.
2023-yildan 2024-yilgacha jami 271,4 ming migrant 200 ga yaqin mamlakatga deportatsiya qilindi, bu deportatsiyalar soni 316 ming kishiga yetgan 2014-yildan beri rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. ICE hisobotiga ko‘ra, deportatsiya qilinganlarning qariyb 32 foizi jinoiy o‘tmishga ega bo‘lgan. Deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan migrantlarning asosiy qismi AQSHning janubiy chegarasini kesib o‘tgan.
Avvalroq Daily Mail nashrining xabar berishicha, 2023-yilda Markaziy Osiyoning 50 mingdan ortiq fuqarosi AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan, ulardan 17 mingga yaqini boshpana so‘rab murojaat qilgan. 2023-yil iyun oyida prezident Jo Bayden Meksika chegarasi orqali kelgan muhojirlarga boshpana berish qoidalarini kuchaytirgan edi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, agar bir hafta ichida migrantlar soni kuniga 2,5 ming kishidan oshsa, ular darhol deportatsiya qilinishi mumkin. Odam savdosidan jabrlangan va hamrohsiz bolalar uchun istisnolar mavjud.