2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahar avtobuslarida chipta haqi uchun naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Yo‘lovchilar faqat bank kartalari (kontaktsiz), ATTO transport kartalari (shu jumladan mobil ilova orqali ochilgan virtual), to‘lov mobil ilovalari yoki ko‘chalardagi infokiosklar orqali sotib olingan QR-kodli bir martalik chiptalardan foydalanishlari mumkin.
4-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) “endi yo‘l haqini naqd to‘lagan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi”ni ma’lum qildi. 7-yanvar kuni xabar “Toshshahartransxizmat” kompaniyasining Telegram kanalida, undan keyin esa aksariyat internet OAVda qayta chop etildi.
Transport inspeksiyasi poytaxt bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyev O‘zAga bergan intervyusida naqd pulda to‘lovlarni qabul qilganlik uchun haydovchilar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham ma’muriy javobgarlik nazarda tutilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilar va haydovchi birinchi marta ogohlantiriladi, keyin esa ularga tegishlicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi (chiptasiz yurish) va 145-moddasi (yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) bo‘yicha jarima solinadi. Chiptasiz yurish uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1/10 qismini yoki 37,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Kechqurun O‘zbekiston Transport vazirligi Toshkent shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘l haqini naqd to‘lagan yo‘lovchilar uchun jarimalar haqidagi ma’lumotlar asossiz ekani haqida bayonot e’lon qildi. Ko‘rsatilgan moddalar chiptasiz yurish hollarida qo‘llaniladi.