Binance Oʻzbekistonda mahalliy hamkor orqali ish boshlaydi

O‘zbekiston

Binance Oʻzbekiston rezidentlariga litsenziyalangan hamkor — “COINPAY” MCHJ orqali xizmat koʻrsatishni boshlaydi. Foydalanuvchilar bank kartalari va toʻlov tizimlari orqali milliy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Yangi tizimning ishga tushirilishi texnik integratsiya yakunlangandan soʻng kutilmoqda va rasman eʼlon qilinadi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Oʻzbekistondagi eng yirik “Binance” kriptobirjasining foydalanuvchilariga xizmat koʻrsatish masalalarini hal qildi. Endi platforma mahalliy hamkor - respublika qonunchiligiga muvofiq faoliyat yurituvchi “COINPAY” MCHJ kompaniyasi orqali ishlaydi.

“COINPAY” MCHJ kripto-aktivlar aylanmasi, shu jumladan kripto-birja va kripto-doʻkon faoliyati sohasida litsenziyalangan xizmat koʻrsatuvchi provayder hisoblanadi. Oʻzbekiston rezidentlari uchun Binance platformasiga kirish CoinPay resurslari orqali taqdim etiladi. Shuningdek, foydalanuvchilar bank kartalari va milliy toʻlov tizimlaridan foydalangan holda milliy valyutadagi mablagʻlarni toʻldirish va yechib olishlari mumkin boʻladi.

Tizimning rasmiy ishga tushirilishi hamkor platformalarning barcha modullarini milliy toʻlov tizimlari bilan integratsiya qilish yakunlangandan soʻng kutilmoqda. Ishga tushirish haqidagi maʼlumotlar Binance va CoinPay resurslarida paydo boʻladi.

2024-yil yanvar oyida agentlik Binanceʼni Oʻzbekiston qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortdi. 2024-yil mart oyidan iyun oyigacha davom etgan sud jarayoni natijasida sud kriptobirjaga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima toʻlashni buyurdi. Binance barcha talablarni bajarib, jarimani toʻladi.

Shuningdek, oʻtgan yilning iyun oyida kriptovalyuta bilan noqonuniy operatsiyalar uchun ikki nafar yigit 3 va 10 sutkaga maʼmuriy qamoqqa olingan.

Agentlik 2023-yil 1-yanvardan Oʻzbekistonda kriptoaktivlar bilan operatsiyalarga faqat litsenziyalangan milliy provayderlar orqali ruxsat berilishini taʼkidladi. Fuqarolarga kriptovalyutalar bilan ishlashda qonunchilikka rioya qilish kerakligi eslatib oʻtildi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.