Dolzarblik
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda hayotning turli sohalari faol modernizatsiya qilinmoqda, shuningdek, atrof-muhitga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan sanoat korxonalari soni ortib bormoqda. Ekologik ekspertiza tabiatni muhofaza qilishning muhim vositasi boʻlib, uning samaradorligi davlat xulosalarining sifati, shaffofligi va natijadorligiga bevosita bogʻliq.
Ekologik ekspertizani oʻtkazishning huquqiy asoslari 2000-yilda qabul qilingan qonunda belgilangan. Biroq, asosiy tushunchalar, xalqaro standartlar va jarayon ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari aniq belgilanmaganligi bu boradagi ishlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Ahamiyat
Ekologik ekspertiza sohasida shaffoflik va ochiqlikni oshirish maqsadida AQSH, Yaponiya, Singapur, Turkiya, Rossiya, Gruziya va Belarus tizimlari oʻrganildi. Shuningdek, Jahon banki, BMT, YIK, YXHT, xususiy sektor ekspertlarining tavsiyalari hamda Orxus va Espo konvensiyalari talablari inobatga olindi. Shundan kelib chiqib, qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi va ular yangi tahrirda taqdim etildi.
Yangi tahrirdagi qonunning asosiy qoidalari:
“Elektron hukumat” tamoyillari asosida atrof-muhitga taʼsirni baholashning yagona axborot tizimini yaratish. Bu tadbirkorlarga ekologik ekspertiza uchun materiallarni onlayn shaklda topshirish va xulosa olish imkonini beradi.
Xalqaro standartlarga muvofiq strategik ekologik baholash institutini joriy etish. Bu ehtimoliy ekologik oqibatlarning oldini olish uchun davlat dasturlari va konsepsiyalari kabi strategik hujjatlarni baholash imkonini beradi.
Doimiy faoliyat yurituvchi Ekspertlar kengashini tashkil etish. Bu davlat ekologik ekspertizalarining obyektivligi va asosliligini, shuningdek, ekspertiza jarayonida murojaatlarni koʻrib chiqish va muammoli masalalarni hal etishni taʼminlaydi. Bu ekspert xulosalarining shaffofligini oshiradi.
Ekologik ekspertiza obyektlarini atrof-muhitga taʼsir darajasiga koʻra uch toifaga ajratish. Natijada mahalliy taʼsirga ega boʻlgan obyektlar roʻyxatdan chiqariladi, bu byurokratik toʻsiqlarni kamaytiradi va kichik korxonalar uchun vaqt va xarajatlarni kamaytiradi.
Ekologik ekspertizani oʻtkazish muddatlarini qayta koʻrib chiqish. Bu tadbirkorlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.
Loyiha tashkilotlari uchun malaka sertifikatlarini joriy etish va ularning reytingini shakllantirish. Bu ekologik meʼyorlarga javob bermaydigan sifatsiz hujjatlar tayyorlanishining oldini oladi, tadbirkorlarning vaqt va moliyaviy xarajatlarini kamaytiradi hamda loyiha tashkilotlarining masʼuliyatini oshiradi.
Atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonida jamoatchilikni faol jalb etishga qaratilgan normalar qoʻllaniladi. Xususan, jamoatchilik ekologik ekspertizasi va jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish tartibi nazarda tutiladi.
Shunday qilib, qonunning yangi tahriri ekologik ekspertiza samaradorligini oshirishga, byurokratik toʻsiqlarni kamaytirishga va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan.
Qonun fuqarolarning qulay atrof-muhitga va uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga boʻlgan huquqlarini kafolatlaydi, shuningdek shaharsozlik hujjatlari loyihalarining jamoatchilik muhokamasi uchun huquqiy asos yaratadi. Bundan tashqari, davlat ekologik ekspertizasi instituti ishtirokchilarining, shu jumladan, ekspert-ekologlarning masʼuliyatini oshirishga, shuningdek, davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etiladigan atrof-muhitga taʼsirni baholash hujjatlari va ekologik normativlar loyihalari sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.