Qozogʻiston yoqilgʻi eksportini chekladi va zapravkalarda narxning oshishiga tayyorlanmoqda

Dunyo

29-yanvardan Qozogʻiston benzin va dizelni temir yoʻl orqali olib chiqishni taqiqlaydi, fevral oyidan esa yoqilgʻi narxi oshishi kutilmoqda. Rasmiylar bu choralarni taqchillikka qarshi kurashish va bozorni erkinlashtirishga tayyorgarlik bilan izohlamoqda.

Qozogʻiston hukumati boshqa davlatlarga, shu jumladan YOII davlatlariga temir yoʻl orqali benzin va dizel yoqilgʻisini eksport qilishga vaqtinchalik taqiq qoʻydi. Cheklov 29-yanvardan kuchga kiradi va 29-martgacha davom etadi. Oldindan kelishilgan yetkazib berishlar, gumanitar yordam va favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun istisno qilingan.

Avvalroq, 2024-yil sentyabr oyida mart oyining oxirigacha amal qiladigan avtotransportda yoqilgʻini olib chiqishga ham xuddi shunday taqiq joriy qilingan edi.

Shu bilan birga, Qozogʻistonda ilgari davlat tomonidan tartibga solingan yoqilgʻi narxlarini liberallashtirishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Energetika vazirligi maʼlumotlariga koʻra, qoʻshni davlatlar bilan benzin va dizel narxlaridagi farq kontrabandani keltirib chiqarmoqda, narxlarni sunʼiy ushlab turish esa sohani modernizatsiya qilishga toʻsqinlik qilmoqda. Energetika vaziri Almasadam Satkaliyevning aytishicha, yoqilgʻi quyish shoxobchalari narxlarining oshishi fevral oyidayoq kutilmoqda, ammo rasmiylar keskin oʻsishga yoʻl qoʻymaydi. Uning soʻzlariga koʻra, Qozogʻistonda Ai-92 benzinining bir litri (205 tenge) narxi Rossiyadagi narxlar darajasiga (290-300 tenge) yaqinlashadi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.