Alibaba Cloud (Singapore) Private Limited kompaniyasi rasmiy ravishda tax.uz tizimida roʻyxatdan oʻtdi va Oʻzbekistonda QQS toʻlovchisi maqomini oldi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qaror elektron xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy kompaniyalar faoliyatini legallashtirish ishlari doirasida qabul qilindi. Buning uchun soliq idoralari Alibaba Group`ga soʻrov yubordi, shundan soʻng, 2025-yil 28-yanvarda Alibaba Cloud roʻyxatdan oʻtishni yakunladi.
Qonunchilikka koʻra, Oʻzbekistonda jismoniy shaxslarga elektron xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy kompaniyalar QQS toʻlashlari shart. Hozirgi kunda mamlakatimizda soliq majburiyatlarini bajaradigan 65 ta shunday kompaniya roʻyxatga olingan.