Toshkent metropoliteni uchta yangi zamonaviy poyezdlar bilan toʻldirildi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.
Yoʻnalishlarga chiqishdan oldin tarkiblar 7 kundan 10 kungacha davom etadigan texnik sinovlardan oʻtadi.
Bundan tashqari, joriy yilning fevral oyida yana uchta shunday poyezd kelishi kutilmoqda. Bu metro vagonlari parkini yangilash va harakat intervallarini qisqartirishga yordam beradi.
Avvalroq Toshkent metropoliteni 2025-yil oxirigacha 26 ta yangi poyezdga ega boʻlishi xabar qilingandi. Shuningdek, soʻnggi yetti yilda poytaxt metrosi sezilarli darajada kengaydi: bekatlar soni 29 tadan 50 taga, liniyalarning uzunligi esa 71 kilometrga yetdi. Yoʻnalishlardagi poyezdlar soni deyarli ikki barobar koʻpaydi.