Apple kompaniyasi tez orada yangilangan iPhone SEʼni taqdim etadi, deb xabar berdi 7-fevral kuni Bloomberg jurnalisti Mark Gurman insayderlarga tayanib. Uning soʻzlariga koʻra, taqdimot kelasi hafta, 10-16-fevral kunlari boʻlib oʻtishi mumkin, sotuvlar esa oyning oxirida boshlanadi. Shu bilan birga, Apple, ehtimol, alohida tadbir oʻtkazmaydi, balki shunchaki maʼlumotni oʻz veb-saytiga joylashtiradi.
iPhone SEʼning yangi versiyasi tashqi koʻrinishidan iPhone 14ʼga oʻxshash boʻladi: qurilma kattalashtirilgan ekran, Face IDʼni qoʻllab-quvvatlash, A18 chipi va USB-C ulagichiga ega boʻladi. Smartfon Apple Intelligence sunʼiy intellekt tizimini qoʻllab-quvvatlaydi. Oldingi modeldan asosiy farqi — “Uy” tugmasining yoʻqligi, bu esa kompaniyaning ushbu interfeys elementidan voz kechishini uzil-kesil mustahkamlaydi.
Tez orada taqdim etilish belgilari allaqachon sezilmoqda: AQSHdagi Apple doʻkonlarida joriy iPhone SE zaxiralari qisqarmoqda va baʼzi konfiguratsiyalar, masalan, 256 GB xotiraga ega qizil versiya vaqtincha mavjud emas. iPhone 14 va 14 Plus zaxiralari ham kamaymoqda, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida USB-C porti yoʻqligi sababli ularni sotish taqiqlangan.
Yangi iPhone SEʼning narxi hozircha nomaʼlum. Avvalgi versiyaning bazaviy modeli 429 dollar turadi, biroq yangilangan dizayn va yangi funksiyalarni hisobga olgan holda narx 500 dollargacha koʻtarilishi mumkin.
Yangi iPhone SEʼdan tashqari, Apple boshqa qurilmalar taqdimotiga tayyorlanmoqda. 11-fevral kuni PowerBeats Pro 2 quloqchinlari anonsi kutilmoqda — ular oʻrnatilgan pulsometrga ega birinchi seriyadagi quloqchinlardir. Birinchi yarim yillikda kompaniya M4 chipi bilan yangilangan MacBook Air, arzon iPad va yangi iPad Air modellarini ham chiqaradi. 2025-yilda iPhone 17 va 17 Pro, jumladan, ultra yupqa versiyasini chiqarish rejalashtirilgan.