Oʻzbekistonda fevral oyining birinchi haftasida DXX va IIV xodimlari tomonidan “Oriyat” va “Qoradori” nomli keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazildi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
7-fevral kuni operatsiya doirasida jamoat joylarida, jumladan, saunalar, SPA-salonlar, massaj xonalari, karaoke-barlar, mehmonxonalar, xostellar va tungi klublarda tekshiruvlar tashkil etildi.
Reydlarning asosiy maqsadi aholining maʼnaviyati va sogʻligʻiga tahdid soluvchi jinoyatlarni aniqlash, shuningdek, OIV (OITS) va boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishdan iborat boʻldi, deyiladi xabarda.
Tekshiruvlar davomida DXX va IIV tezkor xodimlari tomonidan 340 ta obyekt koʻzdan kechirilib, 2 957 nafar fuqaro bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Ularning aksariyati tibbiy koʻrikka yuborilgan.
Tadbir yakunlari boʻyicha 93 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ular doirasida 94 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi, yana 153 kishi maʼmuriy jazoga tortildi.
1 ming 920 nafar fuqaro bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, 766 nafar fuqaroga ogohlantirish berildi.