AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyga nisbatan ritorika darajasini oshirdi va uni ikkinchi marta past reyting, saylovlar yoʻqligi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini toʻxtata olmaslikda aybladi.
Bir kun avval Tramp Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida jurnalistlarga bu haqda gapirgandi, endi esa, AQSHda chorshanba kuni tong otgach, oʻzining Truth Social saytida uzun post yozdi.
“Kamtarona muvaffaqiyatlarga erishgan komik” Zelenskiy AQSHni gʻalaba qozonib boʻlmaydigan va boshlanishi kerak boʻlmagan urushga kirish uchun 350 milliard dollar sarflashga koʻndirdi, postning boshidayoq Amerika prezidenti shaxsga oʻtdi.
Trampning taʼkidlashicha, Qoʻshma Shtatlar Yevropadan koʻra 200 mlrd dollar koʻproq sarflagan va Yevropaning puli “kafolatlangan,” AQSH esa buning evaziga hech narsa olmaydi. Va Zelenskiy goʻyoki “biz unga yuborgan pulning yarmi yoʻqolganini” tan olmoqda, deydi Tramp.
AQSH prezidenti Ukraina yetakchisini “saylovlarni oʻtkazishdan bosh tortgani” uchun aybladi. U yana Zelenskiy Ukraina soʻrovlarida juda past reytingga ega ekani va “uning yagona yaxshi tomoni” Jo Baydenni manipulyatsiya qilishda (“Baydenni skripkada chalgandek chalgan”) ekanini taʼkidladi.
“Saylovsiz diktator, Zelenskiy tezkor harakat qilishi kerak, aks holda unda mamlakat qolmaydi, — deya xulosa qildi Tramp. — Ayni paytda biz Rossiya bilan urushni toʻxtatish boʻyicha muzokaralarni muvaffaqiyatli olib bormoqdamiz, chunki buni faqat Tramp va Tramp maʼmuriyati qila olishini hamma tan oladi”.
Ukrainada, bir kun avval Tramp aytganidek, harbiy holat joriy etilgan. Ukraina qonunchiligi harbiy holat davrida saylovlar oʻtkazishni taqiqlaydi.