24-fevral, dushanba kuni valyuta birjasida dollar kursi joriy yil boshidan beri eng past darajaga tushdi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, 1 AQSH dollari 16 so‘m 27 tiyinga arzonlashib, 12 899,91 so‘mni tashkil qildi. Joriy kurs 2024-yil 23-dekabrdan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lib, birinchi marta 12 900 so‘mdan oshdi.
Tijorat banklari dollarni 12 920 - 12 980 so‘mdan sotmoqda, Anorbank 12 910 so‘m, Kapitalbank 12 915 so‘m etib belgiladi. Xarid kursi 12 840 so‘mdan boshlanadi, Hamkorbank esa ularni 12 900 so‘mdan qabul qiladi.
2024-yilda dollar so‘mga nisbatan 4,7 foizga qimmatlashib, yil oxirida 12 920 so‘mni tashkil etdi. Devalvatsiya sur’ati 2023-yilga nisbatan sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa-da, avvalgi ikki yilga nisbatan o‘sgan.
O‘tgan yilning ikkinchi yarmida zaiflashuv biroz tezlashdi va noyabr oyida eng yuqori darajaga yetdi - o‘shanda dollar taxminan 90 so‘mga qimmatlagan edi. Birinchi yarim yillikda dollar nisbatan sekinroq ko‘tarildi, biroq ekspertlar bu hodisa vaqtinchalik ekanini qayd etishdi.