O‘zbekistonda konsertlarda fonogrammadan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Tegishli hujjatni Shavkat Mirziyoyev imzoladi.
Qonunda Madaniyat vazirligining jonli ijroni rivojlantirish bo‘yicha vakolatlari aniqlashtirildi va konsertlarda fonogrammalardan foydalanishning turli darajalari belgilandi. Qonunchilik qo‘shiq va musiqa asarlarini ijro etishning quyidagi usullarini nazarda tutgan:
jonli ijro;
fonogrammadan qisman foydalangan holda;
fonogrammadan foydalangan holda.
Fonogrammadan foydalanish darajasi haqidagi ma’lumotlar tadbir reklamasida ko‘rsatilishi kerak. Bundan tashqari, konsert dasturida barcha asarlarning ijrochilari va mualliflarini ham aytib o‘tish kerak. "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi va "Reklama to‘g‘risida"gi qonunlarga ham tegishli tuzatishlar kiritildi.