O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Ulsan shahri meri Kim Du Gyom boshchiligidagi Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashdi, deb yozadi “Dunyo”.
Muzokaralar chog‘ida kadrlar salohiyatini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekistondan shaharning yirik sanoat korxonalariga mehnat resurslarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Kim Du Gyom Janubiy Koreya tarixida birinchi marta O‘zbekiston fuqarolari uchun ishchi vizalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shahar meriyasi orqali soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish mexanizmlari nazarda tutilayotganini ma’lum qildi.
Ulsan meriyasi O‘zbekiston fuqarolari uchun bir qator imtiyozlarni joriy etmoqda. Uch oylik kasbiy tayyorgarlik va koreys tilini o‘rganish kurslaridan so‘ng bitiruvchilar ishchi vizasi olishlari va ishga joylashishlari mumkin bo‘ladi.
Qayd etilishicha, ushbu mexanizm tajriba tariqasida ilk bor qo‘llanilmoqda. Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, Koreyaning boshqa shaharlari ham O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu mexanizmni joriy etishi mumkin.
Janubiy Koreya tomoni noqonuniy maqomga o‘tishga yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan O‘zbekiston fuqarolarini Ulsan korxonalarida oilalari bilan uyushgan holda ishga joylashtirish imkoniyati to‘g‘risidagi O‘zbekiston tomonining iltimosini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolarini Koreya iqtisodiyotining sanoat va boshqa tarmoqlarida ishlashga jalb qilish masalalarida hamkorlik qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.