Parijda Samarqand sharafiga ko‘cha nomlanadi

Dunyo

Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga tashrifini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar qabul qilingan bitim asosida Toshkent va Parij o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va almashinuvlarni faollashtirish masalalarini muhokama qildilar. Gap shaharsozlik, yashil hududlarni barpo etish, jamoat transportini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, shahar kommunikatsiyalarini modernizatsiya qilish va barqaror ishlatish bo‘yicha tajriba almashish haqida bormoqda.

Bundan tashqari, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat va san’at kunlari, turizm va gastronomik festivallar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida Parij shahridagi ko‘chalardan biriga Samarqand nomini berishga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari va Parij shahri meri O‘zbekiston Prezidentining faxriy mehmon sifatida Parij shahriga tashrifi to‘g‘risidagi qo‘shma hujjatni ham imzoladilar. Ushbu esdalik yorlig‘i meriyaning muzey fondida namoyish etiladi.

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifining sermazmun dasturi yakuniga yetdi. Orli xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Fransiya sport va yoshlar vaziri Mari Barsak va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.