Gvineyadagi futbol oʻyinidan soʻng muxlislar toʻqnashuvi natijasida oʻnlab odamlar halok boʻlgani haqida AFP agentligi xabar bermoqda.
Voqea Nzerekore shahrida “Nzerekore” va “Labe” jamoalari oʻrtasidagi hal qiluvchi oʻyin paytida sodir boʻldi.
Mahalliy jamoa darvozasiga penalti tayinlanishi muxlislar oʻrtasida bahsga sabab boʻldi. Bunga javoban tomoshabinlar maydon ichiga yugurib kirib, tosh ota boshladilar, bu esa toʻqnashuvlarga olib keldi.
Tartibsizliklar natijasida jabrlanganlar bor. Mahalliy hokimiyat shaharda tartibni tiklash boʻyicha faol ish olib bormoqda.
“Hukumat ”Labe“ va ”Nzerekore“ jamoalari oʻrtasidagi futbol oʻyiniga soya solgan hodisa yuzasidan chuqur afsus bildiradi. Tartibsizliklar oqibatida qurbonlar bor, mintaqaviy hokimiyat aholi oʻrtasida osoyishtalikni tiklash uchun barcha choralarni koʻrmoqda. Hukumat vaziyatni nazorat qilib turibdi va tibbiyot xodimlariga jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatishga xalaqit bermaslik uchun yana bir bor tinchlikka chaqiradi”, — deya Gvineya bosh vaziri Amadu Uri Ba ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi.
Toʻqnashuvlardan soʻng shahardagi oʻlikxonalar va shifoxonalar toʻlib ketgani haqida nashr maʼlum qildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, jabrlanganlar soni yuzlab kishiga yetishi mumkin.
Muxlislar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar stadiondan tashqarida, shahar koʻchalarida ham davom etdi.