“Oʻzenergoinspeksiya” biznesni keskin sovuq tufayli elektr energiyasini tejashga chaqirganini idora matbuot xizmati maʼlum qildi.
Sovuqlar fonida “Oʻzenergoinspeksiya” energiya resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha kechki tekshiruvlar oʻtkazmoqda. Idoraning taʼkidlashicha, “profilaktika choralari” isteʼmolchilarga ushbu resurslardan tejamli foydalanishga, shuningdek, tarmoqlarning ortiqcha yuklanishiga yoʻl qoʻymaslikka va barcha isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlashga yordam beradi.
Xabarda aytilishicha, “resurslardan samarali va tejamkorlik bilan foydalanish taʼminot barqarorligiga sezilarli darajada hissa qoʻshadi”.
“Hurmatli tadbirkorlik subyektlari, havo haroratining pasayishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Bunday hollarda elektr energiyasidan iloji boricha tejamkorlik bilan foydalanishingizni, zarur boʻlmagan hollarda esa elektr qurilmalarini tarmoqdan uzib qoʻyishingizni soʻraymiz”, — deyiladi “Oʻzenergoinspeksiya” bayonotida.