Prezident harbiy xizmatchilarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston

Oʻzbekiston prezidenti Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilarga tabrik yoʻlladi. U “dunyodagi hozirgi favqulodda murakkab vaziyatda” harbiy xizmatchilar jismoniy va maʼnaviy shayligini oshirish muhimligini taʼkidaldi.

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilarga tabrik yoʻlladi.

“Barchamiz uchun shon-sharaf timsoliga aylangan mana shu qutlugʻ ayyomda oʻz hayotini Vatan himoyasidek ulugʻ ishga bagʻishlagan botir va dovyurak oʻgʻlonlarimizni, muhtaram faxriylarimizni tabriklab, ularning shaʼniga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz”, — dedi prezident.

Davlat rahbari fuqarolarning qatʼiyati va jasorati, ona yurtga sadoqati tufayli xalqning tinchligi va osoyishtaligi taʼminlanayotgani, davlatning mudofaa salohiyati mustahkamlanayotganini, milliy armiyaning jangovar salohiyati yuksalayotganini taʼkidladi.

“Yurtimiz boʻylab jasorat madhiyalari yangrayotgan bugungi ulugʻ kunlarda Vatan oldidagi burchini ado etish chogʻida halok boʻlgan qahramon harbiylarimizning soʻnmas xotirasi oldida barchamiz hurmat bajo keltiramiz”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev jasur Vatan himoyachilarini tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalarga, ularning harbiy xizmatda tayanchi va suyanchi boʻlgan oila aʼzolariga samimiy minnatdorlik bildirib, Qurolli Kuchlarimiz amalda mamlakatimiz mustaqilligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimiz tinch va osoyishta hayotining kafolati ekanini taʼkidladi.

Hozirda barcha turdagi qoʻshinlar zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan jihozlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-ruhiy tayyorgarligi uzluksiz oshirib borilmoqda. Milliy armiyamiz yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.

“Bugungi kunda navqiron avlodimiz oʻrtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bogʻlayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday oʻtyurak farzandlarimiz timsolida boʻlgʻusi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning boʻlajak ofitser va generallari, mohir qoʻmondonlarni koʻramiz”, — dedi prezident.

Prezident butun dunyoda turli tahdid va xatarlar, qurolli toʻqnashuvlar va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan hozirgi oʻta murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

“Bu talabni davrning oʻzi oldimizga qatʼiy vazifa qilib qoʻymoqda va xalqimiz ham bizdan aynan shuni kutmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilarini tabriklab, ularga xizmat burchini bajarishda yangi zafarlar, mustahkam sogʻlik, oilalariga tinchlik-xotirjamlik va farovonlik tiladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.