Toshkentda voyaga yetmagan yo‘lovchiga tegajog‘lik qilgan konduktor hibsga olindi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining qarorida ma’lum qilingan.
Xabar berilishicha, 43 yoshli konduktor avtobusda uyiga qaytayotgan 2012-yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchi qizga nisbatan jinsiy xarakterdagi harakatlarni sodir etgan. U qizga turli savollar bergan, yuziga tegingan va boshidan o‘pishga uringan.
Sud majlisida erkak qilmishidan pushaymon ekanligini bildirdi. U bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytdi.
Sudning qaroriga ko‘ra, fuqaro T.B. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-1-moddasi 1-qismi (Jinsiy ta’qib qilish) bilan nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 5 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.