Malayziyaning Five Petroleum kompaniyasi Oʻzbekistonda yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini yaratishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi “Oʻzbekneftgaz” matbuot xizmati.
“Oʻzbekneftgaz” raisi Bahodir Sidiqov Five Petroleum bosh direktori bilan Malayziya kompaniyasi brendi ostida yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini yaratish boʻyicha muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, Five Petroleum kompaniyasining mamlakat hududlarida transport-logistika infratuzilmasini yaratish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Bundan tashqari, “Oʻzbekneftgaz” va Five Petroleum hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va respublikaning yoqilgʻi-energetika sohasi uchun strategik ahamiyatga ega tashabbuslarni rivojlantirish boʻyicha kelishib oldilar.