Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon orqali muloqotda Belarus davlatining amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenkoni saylovdagi gʻalabasi bilan tabrikladi. Bu haqda Belarus rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari saylovchilarning yuqori darajadagi ishtiroki va ovoz berish natijalari Belarus xalqining amaldagi Prezidentga boʻlgan katta ishonchi, amalga oshirilayotgan siyosiy kurs va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qoʻllab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini alohida taʼkidladi.
Suhbat chogʻida oʻtgan yilning 7–9-fevral kunlari Aleksandr Lukashenkoning Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan Oʻzbekiston—Belarus munosabatlarini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
1994-yildan beri hokimiyat tepasida turgan Aleksandr Lukashenko yettinchi marta prezidentlik saylovlarida 86,82 foiz ovoz toʻplagan.