Xavfsizlik maqsadida Uzbekistan Airwaysʼning Yevropaga barcha reyslari endi Ozarbayjon va Turkiya orqali janubiy yoʻnalishda amalga oshirilmoqda, Rossiya va Belarus hududi orqali parvozlar bundan mustasno. Bu haqda aviakompaniyaning 33 yilligiga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, milliy aviakompaniyaning parvoz yoʻnalishi 20-yanvardan oʻzgarib ketgan.
Aviakompaniyaning aniqlik kiritishicha, yoʻnalishning oʻzgarishi Rossiya havo mudofaasi natijasida urib tushirilgan Azerbaijan Airlines samolyoti qulashi bilan bogʻliq emas.
“Bu shunchaki ehtiyotkorlik choralari va maʼlum darajada yoʻnalishlarni optimallashtirishdir”, — deya javob berdi Uzbekistan Airways matbuot xizmati.
Uzbekistan Airways matbuot xizmatining xabar berishicha, yoʻnalishning oʻzgarishi chipta narxlariga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi.
Shuningdek, matbuot anjumanida chegirmalar vaqtida chiptalar narxi oshganiga izoh berildi.
Avvalroq aviakompaniya aviaqatnovlarga 30% chegirma eʼlon qilgandi, biroq aksiya amal qilgan kuni fuqarolar chipta narxlarining oshganiga shikoyat qilishdi. Aviakompaniya boshqaruvi raisi narxlar oʻzgarishi nima bilan bogʻliqligini aytib oʻtdi.
Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov narxlar bozordagi vaziyat va talabdan kelib chiqib oʻzgarishini aytdi.
“Masalan, chiptaning minimal narxi 200 dollar boʻlsa, maksimal narxi 400 dollarga yetishi mumkin. Biz barcha chiptalarni minimal narxda sota olmaymiz. Aniqroq qilib aytganda, har bir reysda sinflar boʻyicha maʼlum miqdordagi chiptalar mavjud. Bir sinf chiptalari sotilgandan soʻng, qimmatroq sinflar mavjud boʻladi. Bu ”Uzbekistan Airways“ jamoasi arzon klasslarni olib tashlab, faqat qimmatlarini sotadi, degani emas. Bu bozor tizimi va har kimda tanlash huquqi bor”, — dedi Shuhrat Xudoyqulov.