Tadbirkorlar ijtimoiy soliq imtiyozlarini uzaytirishni soʻramoqda

O‘zbekiston

Umumiy ovqatlanish va chakana savdo vakillari rasmiy maoshlarni oshirish va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga yordam bergan ijtimoiy soliq boʻyicha imtiyozlarni uzaytirishni soʻrashdi. Ularning maʼlumotlariga koʻra, uch yil ichida ushbu sohalardagi xodimlarning daromadi 2,5 baravarga oshgan boʻlsa, imtiyozlar berilmagan kompaniyalarda bu koʻrsatkich ikki baravar past boʻlgan.

Foto: tripadvisor.ru

Umumiy ovqatlanish va chakana savdo kompaniyalari 2022-yilda joriy etilgan va 2025-yil boshida tugashi kerak boʻlgan ijtimoiy soliq imtiyozlarini uzaytirishni soʻrab hukumatga murojaat qilishdi. Bu masala 3-fevral kuni prezident huzuridagi biznesni qoʻllab-quvvatlash va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashga bagʻishlangan Jamoatchilik kengashi yigʻilishida muhokama qilingan edi.

Imtiyoz nafaqat savdo va umumiy ovqatlanish, balki mehmonxona biznesi, avtoservis, maishiy texnika taʼmiri, kompyuter xizmatlari, agroservis va veterinariya sohalariga ham tatbiq etilgan. Yigʻilishda eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, ushbu chora-tadbirlar tufayli imtiyozli tarmoqlarda oʻrtacha ish haqi uch yilda 247,5 foizga oshgan boʻlsa, boshqa sohalarda oʻsish surʼati ikki baravar past boʻlgan.

Biznes hamjamiyati imtiyozning uzaytirilishi kompaniyalarga barcha xodimlar va ularning daromadlarini rasman aks ettirish imkonini beradi, bu esa soliq tushumlarining oʻsishiga olib keladi, deb hisoblaydi. Soliq talablariga rioya etilishini nazorat qilish uchun 1-apreldan boshlab yangi tartib joriy etiladi: agar kompaniya aniqlangan qoidabuzarliklarni uch kun ichida bartaraf etmasa, unga sayyor tekshiruv tahdid soladi.

Bundan tashqari, 2024-yil noyabr oyida Vazirlar Mahkamasi umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQSning bir qismini qaytarish tartibini tasdiqladi. Qaytarish miqdori aylanmadagi naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushiga bogʻliq: 60 foizdan past koʻrsatkichda kompaniyalarga soliq toʻlovlarining 20 foizi, ushbu darajadan oshganda — 40 foizi qoplanadi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.