Yaponiyaning Nissan kompaniyasi direktorlar kengashi ikki kompaniyani birlashtirish boʻyicha Honda tomonidan taklif etilgan shartlarni rad etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. The Wall Street Journal gazetasining yozishicha, bu qoʻshilish rejasini xavf ostiga qoʻyishi mumkin.
Dastlab kompaniyalar bitta xolding doirasida teng sharoitlarda faoliyat yuritishi koʻzda tutilgan edi. Biroq, yaqinda Honda Nissan shoʻba korxonasi sifatida ishtirok etadigan yangi modelni taklif etdi.
Muzokaralar jarayonidan xabardor manbaning aytishicha, Nissan yangi taklifni maqbul emas deb hisoblamoqda va uni rad etishni rejalashtirmoqda.
Yaponiyaning Nikkei nashri maʼlumotiga koʻra, Nissan kompaniyasi Honda bilan birlashuv boʻyicha muzokaralarni toʻxtatishni rejalashtirmoqda. Ushbu qaror kompaniyalar birlashgan tuzilmaning tarkibini va har bir tomonning rolini kelishib ololmagani sababli qabul qilingan.
2024-yil 23-dekabrda Honda va Nissan birlashuv boʻyicha muzokaralar boshlanganini eʼlon qilgan edi. Kompaniyalar qoʻshma xolding kompaniyasini tashkil etish orqali biznesni birlashtirish imkoniyatini muhokama qilish va koʻrib chiqish uchun oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Honda rahbari Toshihiro Mibe birlashuv boʻyicha muzokaralarni boshlash qarorini Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari va yangi oʻyinchilarning paydo boʻlishi avtomobil sanoatini sezilarli darajada oʻzgartirganini sabab qilib koʻrsatdi. Uning fikricha, yapon kompaniyalari ular bilan raqobatlashish uchun oʻz salohiyatini kuchaytirishi lozim.
Agar Honda va Nissan birlashsa, Toyota va Volkswagenʼdan keyin dunyodagi uchinchi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisiga aylanadi. Hozirda uchinchi oʻrinni Hyundai va Kia kompaniyalari guruhi egallab turibdi.