Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni Yaponiya bosh vazirining maxsus maslahatchisi Akixisa Nagashima boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Maxsus maslahatchi Akixisa Nagasima davlat rahbariga Yaponiya bosh vaziri Sigeru Isibaning salomi va shaxsiy maktubini yetkazdi.
Yaponiya Oʻzbekistonga qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro hamkorlikni taʼminlash va mustahkamlashda ishonchli va uzoq muddatli strategik sherik sifatida qarashi taʼkidlandi.
Yaponiya hukumati iqtisodiy va innovatsion hamkorlik, energetika, sanoat, infratuzilma va ijtimoiy sohalardagi kooperatsiya, jadal taʼlim va madaniy almashinuvlar, turizm va mehnat migratsiyasi dasturlari, shuningdek, samarali mintaqaviy hamkorlik kabi keng koʻlamli yoʻnalishlarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini yuksak baholayotgani alohida taʼkidlandi.
2024-yilda mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Yaponiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan loyihalar portfeli 12 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. Oʻzbekistonda 100 ga yaqin qoʻshma korxona va tashkilotlar, jumladan, Oʻzbekiston–Yaponiya markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Oʻzbekiston yetakchisi oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar va oʻzaro tashriflarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalardagi, shu jumladan Yaponiya Hukumatining Taraqqiyotga koʻmaklashish dasturi doirasidagi hamkorlikning kun tartibi boy ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Yaponiya hukumatiga joriy yil aprel oyida Osaka shahrida oʻz ishini boshlaydigan “Ekspo” butunjahon koʻrgazmasini muvaffaqiyatli oʻtkazishni tiladi.
Boʻlajak “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi birinchi sammitga tayyorgarlik doirasida mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.