Milliarder Alisher Usmonov Germaniyaning Tagesspiyegel nashriga qarshi sudda gʻalaba qozondi, deb xabar berdi EU Today. Gazetaga tadbirkorga qarshi Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini asoslash uchun foydalanilgan “bir qator yolgʻon daʼvolar”ni tarqatish taqiqlanadi.
Ish Tagesspiyegelʼning 2024-yil noyabr oyi oxirida eʼlon qilingan “Germaniya muxlisi va Putinning doʻsti: rossiyalik oligarx Alisher Usmonov kim?” sarlavhali maqolasi bilan boshlangan. Maqola milliarderning advokati nashriga murojaat qilganidan soʻng olib tashlandi. Shu bilan birga, Tagesspiyegel oʻz materiallarida bunday daʼvolarni tarqatishda davom etdi. Nemis nashri, xususan, biznesmen sovet iqtisodiyotining eng yirik aktivlarini “arzon narxda” sotib olgani haqida yozgan. Usmonovning taʼkidlashicha, u davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etmagan, balki barcha aktivlarini ochiq bozorda raqobat shartlarida sotib olgan.
Gamburg yer sudi Usmonov tomonining vajlariga qoʻshildi - sud nashrga tadbirkor aktivlarni nopok yoʻl bilan qoʻlga kiritganini daʼvo qilishni taqiqladi. Bundan tashqari, Tagesspiyegelʼga Usmonovga Bavariyaning Tegernzee koʻlidagi koʻchmas mulk, shuningdek, Dilbar yaxtasi tegishli ekani haqida daʼvo qilish taqiqlanadi. Buni isbotlash uchun “uchinchi shaxslarning xabarlariga havolalar ham, Usmonov ortida turgani taxmin qilinayotgan ”soxta kompaniyalar“ga havolalar ham yetarli emas”, deb qaror qildi sud.
Sud qaroriga koʻra, Tagesspiyegel xabarlarning toʻgʻriligini tekshirmasdan turib, ularni qayta chop etishni oqlay olmaydi. Ommaviy axborot vositalarining daʼvolari Usmonovning huquqlarini buzish deb topildi, chunki ularda tasdiqlanmagan faktlar yoki baholovchi fikrlar mavjud. Nashr qoidabuzarlik uchun 250 ming yevrogacha jarima yoki taqiqni buzgan har bir holat uchun olti oygacha va ikki yilgacha maʼmuriy qamoq jazosiga tortilishi mumkin.