Bloomberg Rossiya–Ukraina mojarosi tugashining uchta ehtimoliy stsenariyini keltirdi

Dunyo

Bloomberg tahlilchilari Rossiya–Ukraina mojarosi yakunlanishining uchta ehtimoliy ssenariysini koʻrsatib oʻtdi. Eng ehtimoliy variant — anneksiya qilingan hududlar ustidan qisman Rossiya nazorati saqlanib qolgan holda hozirgi status-kvoning davom etishi. Optimistik ssenariyda Ukraina xavfsizlik kafolatlari va Gʻarbning qoʻllab-quvvatlashini oladi, eng yomoni esa Amerika yordamisiz qolishi mumkin.

Foto: life.ru

Bloomberg tahlilchilari AQSH prezidenti Donald Trampning Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatiga bagʻishlangan materialida Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushni tugatishning uchta variantini taqdim etdi. Bu muzokaralar Yevropa amaldorlari orasida xavotir uygʻotdi, chunki Oq uy ularni oldindan ogohlantirmagandi.

Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, tinchlik kelishuviga erishish mumkinligi hozircha noaniq, chunki Rossiya rahbari murosaga tayyorlik bildirmayapti. Biroq, agentlikning baholashicha, mumkin boʻlgan tartibga solish konturlari allaqachon koʻzga tashlanmoqda.

  • Eng ehtimoliy ssenariy: Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan hududlari Moskvaning amaliy nazorati ostida qoladi, ammo xalqaro miqyosda tan olinmaydi. Hududiy almashinuvlar, jumladan, Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostidagi Kursk viloyatining bir qismi ham boʻlishi mumkin. Ukraina xavfsizlik kafolatlarini oladi, biroq ularning kuchi kelajak rahbarlarning siyosiy qarorlariga bogʻliq boʻladi. Ukrainaning NATOga qoʻshilishi hozirgi bosqichda istisno etilmoqda. Agar Yevropa AQSH bilan kelishuvga erisha olsa, Vashington Kiyevni qoʻllab-quvvatlashda davom etishi mumkin, Yevropa Ittifoqi esa oʻz mudofaa salohiyatini oshiradi.

  • Ukraina uchun eng maqbul stsenariy: AQSH va uning ittifoqchilari Rossiya tinchlik shartnomasini buzgan taqdirda aralashishga vaʼda beradi. Biroq, mojaroning kuchayish xavfi tufayli Gʻarbning toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy ishtiroki ehtimoli pastligicha qolmoqda. Buning oʻrniga Ukrainaga koʻproq qurol-yarogʻ yetkazib berish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish va mudofaa sektorini qoʻllab-quvvatlash mumkin. Bunday natija Ukrainaning 10 yil ichida Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishini ham tezlashtirishi mumkin, bu esa birlashgan Yevropaning sharqiy chegaralarini mustahkamlaydi.

  • Ukraina uchun eng yomon stsenariy: Tramp mojaroni hal qilishga boʻlgan qiziqishini yoʻqotadi, harbiy va moliyaviy yordamni toʻxtatadi, Yevropani muammo bilan yuzma-yuz qoldiradi.

AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset 12-fevral kuni Bryusselda soʻzlagan nutqida Ukrainaning 2014-yilgi chegaralariga qaytishi ehtimoldan uzoqligini, uning NATOga kirishi esa muzokaralarning real natijasi sifatida koʻrilmayotganini aytdi. U har qanday xavfsizlik kafolati ittifoqchilarning harbiy qudratiga asoslanishi kerakligini taʼkidladi.

Oʻsha kuni Tramp Putin va Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashib, mojaroni hal qilish boʻyicha tinchlik muzokaralari boshlanganini eʼlon qildi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.