Oʻzbekistonda supurgilarga yashirilgan 600 kg dan ortiq gashish olib kirishga urinish fosh etildi

O‘zbekiston

Surxondaryoda bojxonachilar qiymati 16,5 mln dollardan ortiq boʻlgan 612 kg gashish giyohvandlik moddasining yirik partiyasini aniqladi. Giyohvand moddalarni supurgi dastasiga yashirib, Afgʻonistondan olib kirishga harakat qilishgan.

Foto: BQ axborot xizmati

Bojxona qoʻmitasi va DXX xodimlari mamlakatga giyohvand moddalarning yirik partiyasini olib kirishga boʻlgan navbatdagi urinishning oldini oldi, deb xabar bermoqda DBQ matbuot xizmati.

“Ayritom” chegara bojxona postida Oʻzbekiston hududidan tranzit oʻtayotgan yuk mashinasi toʻxtatildi. Transport vositasi tirkamasida 13,5 tonna supurgi boʻlgani xodimlarda shubha uygʻotgan.

Shundan soʻng yuk mashinasi “Termiz” tashqi iqtisodiy bojxona posti qoshidagi bojxona omboriga yoʻnaltirilib, transport vositasi koʻzdan kechirildi. Natijada 180 ta qopda 22 500 dona xoʻjalik supurgisi borligi aniqlandi.

Foto: BQ axborot xizmati

Sinchiklab koʻzdan kechirilganda, 2 986 ta supurgi dastalariga uzunligi taxminan 25 sm boʻlgan, sariq lenta bilan oʻralgan poliyetilen oʻramlar yashirilganligi aniqlandi.

Foto: BQ axborot xizmati

Ushbu oʻramlar xolislar ishtirokida ochilgandan soʻng, uning ichida gashish borligi maʼlum boʻldi. Olib qoʻyilgan narkotik moddaning umumiy ogʻirligi 612 kg ni tashkil etdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ushbu partiyaning qora bozordagi bozor qiymati 16,5 million dollardan oshadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.