Oʻzbekiston pensiya tayinlashning proaktiv tizimiga oʻtadi, bunda fuqarolar pensiya yoshiga yetganda ariza berishlari shart boʻlmaydi. Deputatlar tegishli qonunni birinchi oʻqishda qabul qildi. Tizim 1-martdan ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 13-fevral kuni boʻlib oʻtgan majlisda pensiya tayinlashning proaktiv tizimiga oʻtish toʻgʻrisidagi qonunni birinchi oʻqishda qabul qildi, deya xabar qildi parlament quyi palatasi.
Hujjat davlat xizmatlari sifatini yaxshilash va pensiya taʼminoti tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartirishlar erkaklarga 60 yoshga, ayollarga esa 55 yoshga toʻlganda avtomatik ravishda pensiya tayinlash imkonini beradi.
Bugun pensiya tayinlash uchun fuqarolar ariza topshirishlari va pensiya olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak edi. Endilikda bu jarayon tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida axborot almashinuvi doirasida avtomatlashtiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Gulnora Rahimovaning maʼlum qilishicha, ushbu oʻzgarishlar tufayli yiliga oʻrtacha 250 ming kishi Pensiya jamgʻarmasi va davlat xizmatlari markazlariga ariza topshirish uchun bormaydi, bu ularning vaqti va mablagʻini tejash imkonini beradi.