Gaz ballonini oʻrnatish uchun ruxsatnomani onlayn olish mumkin boʻldi

O‘zbekiston

YIDXPda avtomobillarga AGU oʻrnatishga ruxsat olish imkonini beruvchi yangi xizmat paydo boʻldi. Xizmatdan foydalanish uchun shaklni toʻldirish va zarur hollarda yangi avtomobil sotib olinganligi toʻgʻrisidagi hisob-maʼlumotnomani ilova qilish kerak.

Foto: Vaziyatga oid / Ochiq manbalar

Yagona davlat xizmatlari portalida avtomobillarga gaz ballon uskunalarini (AGU) oʻrnatish uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Bu haqda portal matbuot xizmatiga tayanib Spot yozmoqda.

Xizmatdan “Transport” boʻlimida foydalanish mumkin va u Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan taqdim etiladi. Hozirda ruxsatnomani faqat transport vositalari egalari boʻlgan jismoniy shaxslar onlayn rasmiylashtirishlari mumkin.

Xizmatdan foydalanish uchun shaklni toʻldirish va zarur hollarda yangi avtomobil sotib olinganligi toʻgʻrisidagi hisob-maʼlumotnomani ilova qilish kerak. Ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza topshirilgandan keyin 10 ish kuni ichida qabul qilinadi.

Arizani koʻrib chiqish narxi BHMning 30 foizi yoki 112 500 soʻmni tashkil etadi.

2022-yil fevral oyida Vazirlar Mahkamasi avtomobillarni qayta jihozlash uchun ruxsatnomalarni elektron tizimlar orqali berish tartibini tasdiqlagan edi. Bir vaqtning oʻzida ikki turdagi gaz ballon uskunalarini oʻrnatish taqiqlanadi (siqilgan va suyultirilgan tabiiy gaz uchun).


Mavzuga doir: Pensiya yoshiga yetgan Oʻzbekiston fuqarolariga pensiya avtomatik tarzda tayinlanadi

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.