12-fevral kuni Belarusning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Bu haqda sb.by xabar berdi.
Tomonlar oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida Belarus tajribasini oʻrganish imkoniyatini, shuningdek, farmatsevtika sohasida, shu jumladan Belarus dori vositalarini Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha hamkorlik masalalarini koʻrib chiqdilar.
Toshkent shahridagi Respublika qon quyish markazi negizida Regenerativ tibbiyot markazini tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihani yakunlashga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu loyiha doirasida oʻzak hujayralarini innovatsion ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni Belarus prezidenti saylovidagi gʻalabasi bilan tabriklagandi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama kelishuvlarning bajarilishini ham muhokama qilgan.