Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi delegatsiyaning Jakarta shahriga amaliy tashrifi doirasida Indoneziya turizm sohasi vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.
Indoneziya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ASITA) raisi N.Rusmiati, “Aldo Holidays” sayyohlik kompaniyasi direktori J.Samolang va boshqa yetakchilar bilan muzokaralar chogʻida Indoneziyadan sayyohlar oqimini, ayniqsa, ziyorat turizmi yoʻnalishi va “Umra+” dasturini koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunida sayyohlik yoʻnalishlarini rivojlantirish, xizmat koʻrsatishni yaxshilash va Indoneziyada Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini targʻib qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Yangi turistik tashabbuslar
2024-yilda Oʻzbekistonning turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Biroq, mutaxassislarning taʼkidlashicha, ziyorat turizmi hisobiga bu koʻrsatkichni sezilarli darajada oshirish mumkin. Xususan, Malayziya va Indoneziyada 7 millionga yaqin naqshbandiya tariqati vakillari istiqomat qilib, umra amalini ado etishdan oldin Oʻzbekistondagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni istaydi.
Shu bois davlatimiz rahbari “Umra plyus” sayyohlik paketini yoʻlga qoʻyish, 2025-2026-yillarda Malayziyadan keladigan ziyoratchilar sonini 100 ming nafarga yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi ishlar olib borilmoqda:
Malayziya va Indoneziyadan sayyohlarni jalb qiluvchi turoperatorlarga imtiyozlar berish.
Turistik kompaniyalar bilan hamkorlikda turizm dasturlari va “Umra+” paketlarini ishlab chiqish.
Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi aeroportlar, vokzallar, mehmonxonalar va madaniy meros obyektlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish.
Shuningdek, Malayziyaning “Musulmonlarga doʻstona turizm” tajribasini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh tuzilib, Malayziyaning SIRIM akademiyasi bilan hamkorlikda maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Ushbu chora-tadbirlar Oʻzbekistonning mintaqadagi ziyorat turizmining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.