Rossiya va AQSH Ar-Riyodda yangi uchrashuv o‘tkazadi

Dunyo

Rossiya va AQSH delegatsiyalari 18-fevral kuni boshlangan muzokaralarni davom ettirish uchun Ar-Riyodda yana uchrashadi. Uchrashuv Emmanuel Makronning yaqinda AQShga tashrifi chog‘ida o‘t ochishni to‘xtatish istiqbollari muhokama qilinishi fonida bo‘lib o‘tadi. Fransiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kelishuv yaqin haftalar ichida amalga oshishi mumkin.

Rossiya va AQSH delegatsiyalari Saudiya Arabistoni poytaxtida ikkinchi muzokaralarni o‘tkazadi, deya xabar bermoqda “Meduza” Die Zeit nashriga tayanib. Nashr ishtirokchilar tarkibiga aniqlik kiritmagan, biroq qayd etishicha, uchrashuv 18 fevralda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning davomi bo‘ladi.

O‘shanda Rossiya tomoniga Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, Amerika tomoniga esa AQSH davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qilgan. Ushbu muzokaralar Ukrainada keng ko‘lamli mojaro boshlanganidan beri bunday darajadagi birinchi uchrashuv bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi va Ukraina vakillari ularda ishtirok etmadi.

25-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazgan AQShga tashrifidan ko‘p o‘tmay bo‘lib o‘tadi. Makronning so‘zlariga ko‘ra, yaqin haftalarda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilishi mumkin.

Avvalroq 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. Rossiya delegatsiyasiga Sergey Lavrov va Yuriy Ushakov rahbarlik qildi, uchrashuvning asosiy mavzusi ikki tomonlama munosabatlarni tiklash va Ukrainadagi mojaroni hal qilish imkoniyatlarini muhokama qilish bo‘ldi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.