Pokiston Bosh vaziri rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi

O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 25 fevral kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan strategik sheriklikni mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan strategik sheriklikni mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirish, savdo hajmini oshirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik va tranzit salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, yengil va charm sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan.

Sammit yakunida Qo‘shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida davlat rahbarlari O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadilar.

Bungacha Shahboz Sharif 2022-yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan edi.

Pokiston O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biridir. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 4,4 foizga — 404,5 million dollarga (2022-yilga nisbatan o‘sish 36 foiz), Pokiston bozoriga eksport esa 299,5 million dollargacha (o‘sish 1,5 barobar) oshdi. Bu o‘zbek sabzavot va mevalari eksporti bo‘yicha beshinchi yirik bozor hisoblanadi - 192,3 million dollarlik 124,7 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.