Fransiyada Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi

Dunyo

Emmanuel Makron davlat rahbarini muzokaralar o‘tkazish uchun qarorgohgacha kuzatib qo‘ydi.

12-mart kuni Parij shahridagi Faxriylar uyida Fransiyaga davlat tashrifi bilan borayotgan O‘zbekiston rezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakat yetakchisini Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kutib oldi. Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Respublika gvardiyasi, Fransiya quruqlikdagi qo‘shinlari, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari harbiy xizmatchilaridan iborat faxriy qorovul saf tortdi.

Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Gvardiyachilar davlat rahbari oldidan tantanali marsh bilan o‘tdi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Shundan so‘ng davlat rahbari otliq gvardiya va mototsiklchilar hamrohligida oliy darajadagi asosiy ikki tomonlama muzokaralar o‘tkaziladigan Fransiya Prezidentining qarorgohi — Yelisey saroyiga yo‘l oldi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.