Oʻzbekistonda onlayn-kazino qonuniylashtiriladi: litsenziya olish uchun qariyb $6,5 mln sarflash kerak boʻladi

O‘zbekiston

Oʻzbekistonda 2025-yildan boshlab internet-lotereyalar va bukmekerlik stavkalari qonuniylashtiriladi. Qimor oʻyinlarini tashkil etish uchun ILMA tomonidan beriladigan litsenziya talab etiladi. Tashkilotchilar qatʼiy talablarga, jumladan ustav kapitali va zaxira fondi mavjudligiga rioya qilishlari shart.

Foto: Illustrativ / Pinterest

2025-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekistonda internet orqali qimor oʻyinlari va bukmekerlik faoliyatini tashkil etishga ruxsat beruvchi yangi tartib kuchga kiradi. Tegishli qaror mamlakat hukumati tomonidan qabul qilingan.

Faqat litsenziyaga ega kompaniyalar lotereyalar, onlayn oʻyinlar tashkil etish va stavkalarni qabul qilishlari mumkin. Ushbu faoliyatni tartibga solish boʻyicha vakolatli organ sifatida tayinlangan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi litsenziyani besh yil muddatga beradi.

Nazorat va cheklovlar

Agentlik qimor oʻyinlarini tartibga solish uchun yagona davlat reyestrini yaratadi, unga quyidagilar kiradi:

  • oʻyinchilar roʻyxati;

  • cheklovlar reyestri, shu jumladan yutqizilgan summalarga limitlar;

  • oʻyinlar va stavkalar bilan bogʻliq moliyaviy operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

  • yutuqlar toʻlovlari reyestri.

Oʻyinchilar faqat 18 yoshdan oshgan shaxslar boʻlishi mumkin va boshqalarning, shu jumladan voyaga yetmaganlarning bank kartalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Tashkilotchilarga qoʻyiladigan talablar

Faoliyatni faqat Oʻzbekiston rezidentlari mamlakat hududida roʻyxatdan oʻtgan serverlar va domen nomlaridan foydalangan holda tashkil etishlari mumkin. Kompaniyalar:

  • ustav kapitali BHMning 150 000 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda boʻlishi (taxminan 56,25 mlrd soʻm);

  • BHMning 75 000 baravari (28,125 mlrd soʻm) miqdorida zaxira fondi tashkil etishi;

  • oʻyinchilarni faqat ularning shaxsini tasdiqlagan holda rasmiy saytlar orqali roʻyxatdan oʻtkazishi shart.

Qonun hujjatlari, shu jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish yoki terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha normalar buzilganda tashkilotchilar eng kam ustav kapitalining 1 foizigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

Taqiq va cheklovlar

Qimor oʻyinlari oʻtkazish uchun kazinolar, oʻyin zallari va mobil maydonchalarni tashkil etish taqiqlanadi. Lotereya chiptalarini sotish shoxobchalari bundan mustasno.

Oʻzbekistonda yoki uning fuqarolari ishtirokida sodir boʻladigan voqealarga stavkalar ham taqiqlanadi, xalqaro federatsiyalar qoidalari boʻyicha nazorat qilinadigan xalqaro musobaqalar bundan mustasno.

Oʻyinchilar tomonidan stavkalar va oʻyinlarga kiritilgan mablagʻlarning 1 foizi litsenziyalovchi organ budjetiga oʻtkaziladi.

Qonuniylik mezonlari

Oʻzbekistonda qimor oʻyinlari, agar quyidagi shartlardan kamida ikkitasi bajarilsa, qonuniy hisoblanadi:

  • oʻyinchi mamlakat fuqarosi boʻlsa;

  • oʻyin Oʻzbekiston hududida oʻtkazilayotgan boʻlsa;

  • Oʻzbekiston IP-manzili yoki telefon raqamidan foydalanilganda;

  • toʻlov Oʻzbekiston banklari kartalari orqali amalga oshirilsa.

Yangi tartibga solish Internetda qimor oʻyinlari uchun shaffof shart-sharoitlar yaratish, ishtirokchilar huquqlarini himoya qilish va noqonuniy faoliyatning oldini olishga qaratilgan.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.