Rossiyada 2025-yildan Roskachestvo tomonidan ishlab chiqilgan shaurma uchun GOST amal qila boshlaydi. Bu haqda tashkilot rahbari Maksim Protasov TASSga bergan intervyusida ma’lum qildi. Standartning birinchi versiyasi allaqachon tayyor bo‘lib, tez orada jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
GOST ingrediyentlarga va shaurma tayyorlash jarayoniga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi. Uni ishlab chiqish 2024-yilning yozida boshlangan, shuningdek, umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat xavfsizligini tartibga soluvchi standart yaratilmoqda.
Protasovning ta’kidlashicha, shourma sotish segmenti alohida nazoratni talab qiladi. Oldingi tekshiruvlar davomida ko‘plab savdo shoxobchalari mahsulotlarida xavfli bakteriyalar, jumladan ichak tayoqchasi, listeriya va tilla rang stafilokokk aniqlandi. O‘rganilgan 29 ta namunadan faqat bittasi xavfsiz ekani aniqlandi.
Shaurma tarkibiy qismlarining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli epidemiologik xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlar qatoriga kiradi, bu esa ommaviy zaharlanish xavfini keltirib chiqaradi. Rospotrebnadzor mahsulotni 85 darajadan past bo‘lmagan haroratda besh-yetti daqiqa davomida tayyorlashni tavsiya qiladi va bu talablar, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, majburiy bo‘lishi kerak.
GOST tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lsa-da, soha vakillari yagona standartlar bozorga zarar yetkazmaydi, deb hisoblaydilar. Ular mahsulot sifatini yaxshilash va iste’molchilar xavfsizligini oshirishga yordam beradi. Standartni shakllantirish Restoratorlar va mehmonxonalar federatsiyasi bilan birgalikda xalqaro me’yorlar, SanPiN va amaliy tajribani hisobga olgan holda amalga oshiriladi.