“Qozog‘iston temir yo‘li” (KTJ) va “O‘zbekiston temir yo‘llari” Ostona va Samarqandni bog‘laydigan yangi yo‘lovchi temir yo‘l yo‘nalishini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Qaror yo‘lovchi tashish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan muzokaralar chog‘ida qabul qilindi, deb xabar beradi KTJ matbuot xizmati.
Tomonlar mamlakatlar o‘rtasida sayyohlik poyezdlarini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ishchi guruh tuzdi. Ushbu hamkorlikning ilk natijasi “Jibek Joly” sayyohlik poyezdining ishga tushirilishi bo‘ldi.
Shuningdek, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida xalqaro yo‘nalishlar jadvalini optimallashtirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu o‘zgarishlar doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan 1-sonli Olmaota – Toshkent poyezdining harakat jadvaliga tuzatishlar kiritildi.