“Tolibon” harakati G‘arb davlatlarini 20-yillik qurolli to‘qnashuvda xorijiy harbiylar harakatidan jabr ko‘rgan afg‘onlarga tovon to‘lashga chaqirdi. Bu haqda ToloNews xabar bermoqda.
“Tolibon” vakili Zabihulloh Mujohid Afg‘onistondagi harbiy okkupatsiya davrida shafqatsizlikdan jabr ko‘rganlarga tovon to‘lash zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq Britaniyaning The Daily Telegraph gazetasi Buyuk Britaniya maxsus bo‘linmalari (SAS) Afg‘onistonda tinch aholi, jumladan, bolalarni tizimli ravishda qatl etishda ayblanayotgani haqida ma’lumot e’lon qilgan edi. Eshituvlar davomida guvohlardan biri UKSF1 guruhi jangovar yoshdagi erkaklarni, shu jumladan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarni, hatto ular xavf tug‘dirmasa ham, ataylab yo‘q qilganini aytdi.
Harbiy tahlilchi Zalmay Afg‘onyorning ta’kidlashicha, Afg‘onistondagi harbiy jinoyatlar nafaqat Britaniya kuchlari, balki Yevropa Ittifoqi bayrog‘i ostida harakat qilgan 47 davlat vakillari tomonidan ham sodir etilgan. U Gaaga sudini ushbu jinoyatlarni tergov qilish uchun komissiya tuzishga va ularning xalqaro sudlarga o‘tkazilishiga erishishga chaqirdi.
Avvalroq, The Guardian gazetasi Britaniya maxsus bo‘linmalari 2010 yildan 2013 yilgacha Hilmand provinsiyasida kamida 80 nafar tinch aholini o‘ldirgani haqida xabar bergan edi. Harbiy xizmatchilardan biri olti oylik xizmati davomida jangovar harakatlarda ishtirok etmagan 35 nafar afg‘onistonlikni yo‘q qilgan.
“Tolibon” — bir qator mamlakatlarda taqiqlangan tashkilot.