Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni navbatdagi Oʻzbekiston—Turkmaniston siyosiy maslahatlashuvlarini oʻtkazish dasturi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Suhbat avvalida vazir Rashid Meredov davlat rahbariga Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va turkman xalqining milliy yetakchisi, mamlakat Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston—Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Tovar ayirboshlash hajmi jadal oʻsib, 2024-yilda 1,1 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Birgalikda “Shovot—Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika, qishloq xoʻjaligi va suvdan foydalanish sohalarida yaqin va oʻzaro manfaatli hamkorlik davom ettirilmoqda. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.
Gurbanguli Berdimuhamedovning oʻzbek tilida chop etilgan “Hakyda göwheri” (“Tafakkur gavhari”) nomli yangi kitobi taqdimoti Toshkent shahrida oʻtkazilgani uchun Turkmaniston rahbariyati nomidan Oʻzbekiston yetakchisiga chuqur minnatdorlik bildirildi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikning yangi keng koʻlamli kun tartibini shakllantirish, boʻlajak oliy darajadagi tashriflar, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi sammitlarga tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.