Oʻzbekistonda yil oxirigacha AI-80 benzinini sotish cheklanadi va IESlarda mazutdan foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda joriy yil 7-fevraldagi davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisidagi farmonda aytiladi.
Eslatib oʻtamiz, “xalq” benzinidan voz kechish anchadan beri muhokama qilinmoqda. Xususan, 2026-yilga borib mamlakatda uni ishlab chiqarishni toʻxtatish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Yangi hujjatga koʻra, bu vaqtga qadar aholi “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilgʻi” bilan taʼminlanishi kerak.
Issiqlik energiyasi ishlab chiqarish korxonalarida mazutni taqiqlash haqida ham koʻp gapirilgan. Avvalroq ushbu turdagi yoqilgʻidan voz kechish 2023-yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi taxmin qilingan edi. Endi undan faqat avariya va favqulodda vaziyatlarda foydalanish mumkin boʻladi, buning uchun ham Vazirlar Mahkamasi bilan kelishish kerak boʻladi.