Bosh prokuraturaga quyosh panellari va suv isitgichlarni oʻrnatishni nazorat qilish vazifasi yuklandi. Bu haqda prezidentning 7-fevraldagi farmonida aytilgan boʻlib, OʻzA tomonidan eʼlon qilindi.
Bosh prokuror oʻrinbosari Shohrux Aminov kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatish rejasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, quyosh panellari va geliokollektorlarni oʻrnatishda qonunchilik talablariga soʻzsiz rioya etilishini “qatʼiy nazorat” qilishi lozim.
Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda bir oy ichida 2025-yilda tuman va shaharlar kesimida quyosh panellari va suv isitgichlarni oʻrnatish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, davlat idoralari 2025-2026-yillarda respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalarini qurish dasturini ishlab chiqadi.
Prezident 27-yanvardagi yigʻilishda iqtisodiyotning resurs tejovchi modeliga oʻtish vaqti kelganini taʼkidladi. Oʻzbekistonda “yashil” energiyaning umumiy ishlab chiqarish tarkibidagi ulushini 16 foizdan 26 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Kam uglerodli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 300 million dollar jalb etiladi.
Yigʻilishda quyosh panellari va suv isitgichlarni oʻrnatishni ragʻbatlantirish uchun 2 trillion soʻm ajratish masalasi muhokama qilindi. Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov binolar tomlarining kamida 50 foiz maydoni quyosh qurilmalari uchun ajratilishini taʼkidladi.