Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining oʻsib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun barcha energiya manbalari ishga solinmoqda. Anʼanaviy generatsiyadan tashqari, soʻnggi yillarda qariyb 4 gigavatt quvvatlar ishga tushirilib, “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetkazildi.
“Kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030-yilga borib, yurtimizda jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan”, — deyiladi xabarda.
Ayni paytda raqamli texnologiyalar, elektromobillar, elektr jihozlar, sunʼiy intellekt, mayning kabi tarmoqlarning rivojlanishi energiyaga boʻlgan talabni keskin oshirmoqda. Shu bois koʻplab davlatlar yangi turdagi energiya quvvatlariga oʻtish yoʻllarini izlayapti. Yer qaʼridan qazib olinadigan yoqilgʻilar oʻz oʻrnini qayta tiklanuvchi manbalarga boʻshatib berayapti. Bugunga kelib, dunyodagi jami generatsiyaning 42 foizi muqobil energiyadir.
“Uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda 375 gigavattli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilayapti, koʻp davlatlar atom energetikasini oʻzining rivojlanish strategiyasiga kirityapti”, — deyiladi xabarda.
Mamlakatda uran zaxiralari mavjudligini hisobga olgan holda, uzoq muddatli quvvatlarni yaratish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar qurish loyihasi ishlab chiqilgan. 2024-yil 5-dekabr kuni Samarqand shahrida atom energiyasidan foydalanish masalalari boʻyicha xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Bundan tashqari, yigʻilishda atom energetikasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Davlat rahbari boʻlajak stansiya va tizim uchun mutaxassislar tayyorlash, xavfsizlikni Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik talablari darajasida taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Taʼkidlanishicha, bunday texnologiyalar iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshiradi va uzoq muddatli oʻsish surʼatlari uchun qulay zamin yaratadi.