Rasmiylar elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimi oshirilishi sababini tushuntirdi

O‘zbekiston

Oʻzbekistonda elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimini oshirish rejalashtirilgan. Akkumulyatorlarni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish va mahalliy sanoatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Rasmiylarning taʼkidlashicha, bu chora JST meʼyorlariga mos keladi va atrof-muhitni himoya qilishga yordam beradi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashqi savdo departamenti boshligʻi Inomjon Abdurahmonov elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimining oshirilishi akkumulyatorlar va chiqindilarni qayta ishlashni rivojlantirishga yordam berishini aytdi.

Uning soʻzlariga koʻra, elektromobillar batareyalarida inson salomatligi uchun zararli boʻlgan ogʻir metallar mavjud va 2035-yilga borib mamlakatda 10 ming tonnadan ortiq ishlatilgan akkumulyatorlar toʻplanishi mumkin. Utilizatsiya yigʻimi tashqi savdoni tartibga solish chorasi sifatida ekologiya, fuqarolar sogʻligʻini himoya qilish va mahalliy sanoatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Abdurahmonovning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda elektromobillar uchun import bojxona boji yoʻq, boshqa mamlakatlarda esa u sezilarli miqdorlarga yetadi: Hindistonda - 125%, Yevropa Ittifoqida - 55% gacha, YEOIIda - 15% gacha. Masalan, Rossiyada elektromobilning narxi barcha bojlar toʻlanganidan keyin 29,6 ming dollarni, Oʻzbekistonda esa 25,9 ming dollarni tashkil etadi.

Amaldor, shuningdek, respublikada elektromobil ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozlar joriy etilayotgani, bu esa ish oʻrinlari yaratish, investitsiyalarni jalb qilish va avtomobillar assortimentini kengaytirishga yordam berishini taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, utilizatsiya yigʻimining oshirilishi Jahon savdo tashkiloti (JST) meʼyorlariga zid emas, chunki ushbu toʻlov “boshqa bojlar va yigʻimlar” (other duties and charges) toifasiga kiradi. JSTga aʼzo boʻlishga daʼvogar davlatlar ushbu yigʻimni oʻz majburiyatlari tarkibiga kiritishlari mumkin.

Abdurahmonov tashabbus muxoliflarining vajlarini tanqid qilib, ular iqtisodiy asosga ega emasligini aytdi. Uning eslatishicha, ITSV qoshida blogerlar va iqtisodchilar murojaat qilishi mumkin boʻlgan jamoatchilik kengashi faoliyat yuritadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekistonda 2025-yildan utilizatsiya yigʻimini joriy etish taklif qilingandi. Soliqni import qiluvchilar va mahalliy ishlab chiqaruvchilardan undirish taklif qilinmoqda. Yengil avtomobillar uchun utilizatsiya yigʻimi 5 ming soʻmdan 10 ming soʻmgacha boʻladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.