Oʻzbekistonda “Oʻzenergoinspeksiya” “Yagona davlat nazorati” tizimi orqali yoqilgʻi va energiya resurslari yetkazib beruvchilarni tekshirish toʻgʻrisida xabardor qilishni boshlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga koʻra, tekshiruv boshlanishi haqidagi maʼlumot 24 soat ichida tizimga joylashtiriladi.
Yoqilgʻi va elektr energiyasini qazib olish, qayta ishlash, ishlab chiqarish va taqsimlash bilan bogʻliq korxonalarda nazorat tadbirlari tunu kun oʻtkazilishi mumkin boʻladi.
Shuningdek, mamlakatda noqonuniy ulanishlar va energiya resurslaridan samarasiz foydalanishni aniqlash jarayoni soddalashtiriladi. Nazorat qiluvchi organlar uchun yoqilgʻi sifatini nazorat qilish osonlashadi.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yil davomida “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan 8 289 ta holatda tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish oqibatida davlatga 1 trln 409 mlrd soʻm zarar yetkazilgan.