A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filialida birinchi bitiruvchi magistrlarga diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Shu kuni “Psixologik-pedagogik taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha 40 nafar magistratura bitiruvchisiga diplom topshirildi, ulardan 25 nafari “Taʼlimda shaxs shakllanishining psixologik taʼminoti” va 15 nafari “Oila va bolaning ijtimoiy-pedagogik taʼminoti” yoʻnalishi boʻyicha tahsil oldi.
Bitiruvchilar orasida pedagogika fanlari nomzodi, huquq va jahon iqtisodiyoti boʻyicha magistrlik darajasiga ega Shahnoza Mirziyoyeva ham bor edi. Endi uning yutuqlari psixologiya va pedagogika magistri diplomi bilan toʻldirildi.
![](/_next/image?url=https://vzglyad.uz/uploads/2025/02/11/2cee8947-a44d-49f6-9395-f781a6dba24c.jpg&w=768&q=100)
Marosimni A.I.Gersen nomidagi RDPU rektori, pedagogika fanlari doktori, professor, Rossiya taʼlim akademiyasi akademigi Sergey Tarasov ochdi.
“Tez orada maktab va taʼlim dargohlarining eshiklari, shu bilan birga, oʻquvchilaringizning qalblari ham sizlarga keng ochiladi. Siz ular uchun bilimlar olamida yoʻlboshchi boʻlasiz, ularga oʻziga ishonishni va dunyoni qiziquvchanlik bilan kashf etishni oʻrgatasiz. Zero, pedagog shunchaki kasb emas. Bu missiya, kelajak avlod uchun, har bir oʻquvchingizga qoʻshadigan qadriyatlaringiz uchun masʼuliyatdir, — dedi u.
Shuningdek, bitiruvchilar nomidan tabrik soʻzi bilan soʻzga chiqqan Shahnoza Mirziyoyevaga ham soʻz berildi.
”Inson kapitali va taʼlim avvalboshdanoq Prezident Sh.Mirziyoyev islohotlarining diqqat markazida boʻldi. Ularning rivojlanishi Oʻzbekistonning barqaror taraqqiyoti uchun zaruriy shartdir. Ishonchim komilki, biz 2020-yilda birgalikda ochgan Toshkent shahridagi Gersen nomidagi RDPU filiali buyuk mamlakatimiz xalqini tarbiyalashdek eng muhim ishga oʻz hissasini qoʻshishda davom etadi. <...> Umid qilamanki, biz ushbu universitet bilan imkoniyati cheklangan bolalar uchun taʼlim yoʻnalishini davom ettiramiz", — dedi Mirziyoyeva.
![](/_next/image?url=https://vzglyad.uz/uploads/2025/02/11/5dce3348-b2ee-4e2c-bafd-5042c74cbf09.jpg&w=768&q=100)
Eslatib oʻtamiz, Shahnoza Mirziyoyeva Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, Paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.