Prezident Administratsiyasining sobiq xodimi Komil Allamjonov oʻtgan yilning oktyabr oyida sodir etilgan suiqasdga birinchi marta izoh berdi.
“Oʻtgan 5 oy ichida oʻzimdan oʻtgani faqat oʻzimga, oilamga, eng yaqinlarimga ayon. Haqiqat egilganda egilib, bukilgandayam ikki bukilib baribir sinmadi, u baribir yuzaga chiqdi. Yuzaga chiqadi ham. Hali oldinda qiladigan ishlar, yana koʻp sinovli kunlar bor. Ilohim bularning hammasidan yorugʻ yuz bilan oʻtish nasib qilsin”, — deb yozadi Allamjonov.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston harbiy sudi chorshanba kuni prezident maʼmuriyatining sobiq xodimi Komil Allamjonovga suiqasd qilish ishi boʻyicha ayblanayotgan 10 kishiga nisbatan hukm chiqargandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bergan.
Hukmga koʻra, Shuhrat Rasulov 23 yilga, Javlon Yunusov 18 yil 6 oyga, Shohrux Ahmedov 23 yilga, Ismoil Jahongirov 23 yilga va Doniyor Toshxoʻjayev (Toshkent shahar IIBB boshligʻining sobiq birinchi oʻrinbosari) 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Qolgan 5 nafar sudlanuvchiga ham “qilmishlariga yarasha” ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
26-oktyabr kuni Oʻzbekiston prokuraturasi mamlakatning Toshkent viloyatida ikki nomaʼlum shaxs Range Rover avtomobilini oʻqqa tutgani haqida xabar berdi. Mashinada Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasi axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov boʻlgan.
Keyinchalik matbuotda qandaydir “chechen izi” haqida mish-mishlar tarqaldi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Oʻzbekistonda sobiq amaldor oʻtirgan avtomobil oʻqqa tutilishida “chechen izi” borligi haqidagi daʼvolarni asossiz deb atadi.