Transport vaziri Ilhom Mahkamov Koreya Eksimbankining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sangjin Kan bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida Koreya Eksimbanki vakolatxonasi rahbari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ ehtiyojlari uchun “Hyundai Rotem” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 6 ta elektropoyezdni xarid qilish loyihasining amalga oshirilishi haqida maʼlumot berdi.
Eslatib oʻtamiz, 2023-yil oktyabr oyida Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasining 6 ta tezyurar poyezdi, shuningdek, Chexiyaning Skoda kompaniyasining 30 ta elektropoyezdini sotib olish rejalari haqida xabar berilgandi.
Loyihani Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamgʻarmasi (EDCF) mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish taklif qilindi. 0,1 foizli kreditning kutilayotgan miqdori 185 mln yevroni tashkil etadi, muddati — 35 yil.
Hyundai Rotem — Hyundai Motor Group tarkibiga kiradi. 1979-yilda tashkil etilgan. Oʻshandan beri u yetakchi poezd va tramvay yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya poyezdlari 50 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan, AQSH, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Kanadada ishlatiladi. Markaziy Osiyoda Hyundai Rotem mahsulotlari Qozogʻistonda ishlatiladi - bu kompaniyaning poyezdlari Olmaota metrosiga xizmat koʻrsatadi.
Skoda Transportation guruhi 1995-yilda Plzenda tashkil etilgan. Temir yoʻl lokomotivlari, metro vagonlari, shahar atrofi elektropoyezdlari, shuningdek, tramvaylar, trolleybuslar, avtobuslar, dvigatellar, tortish uskunalari ishlab chiqaradi. Konglomerat temir yoʻl va jamoat transportini modernizatsiya qilish bilan ham shugʻullanadi. Brend dunyoning 14 mamlakati, jumladan Polsha, Xitoy va AQSH bilan hamkorlik qiladi.