2025-yilning birinchi oyida O‘zbekistonga 31 mln dollarlik 1796 ta yengil avtomobil olib kirildi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida umumiy qiymati 221,4 mln dollarga teng bo‘lgan 10 152 ta avtomobil import qilingan.
Gibrid avtomobillar importi eng ko‘p — 31 barobar qisqardi. Elektromobillar yetkazib berish 6,7 barobarga, benzinli avtomobillar yetkazib berish esa 2,5 barobarga kamaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-noyabrdan boshlab import qilinadigan avtomobillar bojxonada emas, balki Pskentdagi poligonda texnik sinovdan o‘tkazila boshlandi. Shuningdek, jismoniy shaxslar va xususiy tadbirkorlar tomonidan olib kirilayotgan avtomobillar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi joriy etildi. Avtopoligonning quvvati real ehtiyojdan ancha past, bu esa import hajmining keskin qisqarishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.